Abdulbosit Alijonov

Backend dasturchi

Hero Image

“Copy–Paste Dasturchilar”: Kod kolleksiya qilish kasali haqida

11 Oktabr, 2025 135

Ba’zan o‘ylab qolaman: dasturchilik degani nima o‘zi — kod yozishmi yoki boshqalarning kodini yig‘ishmi? Hozirgi paytda juda ko‘p “dasturchi”lar bor, lekin ularning ko‘pi aslida faqat kod kolleksiya qiluvchi odamlardek tuyuladi. Kod yozmaydi, balki “topib bering”, “tayyor kod yo‘qmi”, “shu joyni tuzatib bering” degan gaplar bilan yashaydi.

Men backend dasturchiman, va men uchun kod yozish — bu fikrlash, yechim topish, muammo tahlil qilish degani. Lekin ayrimlar uchun bu shunchaki “qayerdadir tayyor kod topish”ga aylanib qolgan. Eng achinarlisi — shundaylar ba’zida o‘zini “senior”, “tajribali dasturchi” deb ataydi.

Eng yomon joyi — ular yordam so‘rab emas, xizmat so‘rab yozishadi, lekin xizmatni bepul kutishadi. Men “pulga tuzib berishim mumkin” desam, hurmat yo‘qoladi, ba’zida esa so‘kinish bilan javob berishadi. Go‘yo sen ularning kompyuterini qarzga olgandek yoki majburligindek munosabat qilishadi.

Bu holat menga shuni ko‘rsatadiki, ayrimlar uchun dasturchilik — bu mehnat emas, kolleksiya. Ular kodni yig‘adi, lekin uni tushunmaydi. O‘rganmaydi. Keyin o‘sha kodlar chang bosgan papkalarda yotadi — foydasiz, keraksiz. Faqat joy egallaydi, xotira to‘ldiradi.

Aslida, kod yozishni bilgan odam boshqalarning kodini yig‘ib yurmaydi. U tushunishga, o‘rganishga, yaxshilashga harakat qiladi. Chunki haqiqiy dasturchi — bu muammoni hal qiladigan inson. “Ctrl+C” va “Ctrl+V” bosadigan robot emas.

Shuning uchun men shunday odamlar bilan kamroq gaplashaman, vaqtni asrayman. Chunki dasturchilik — bu oddiy kasb emas, bu fikrlash tarzi, muammo yechish san’ati. Va bunday yondashuv har kimga nasib etavermaydi.


Ammo yana bir toifa bor — ular “savob uchun shu kodni tuzib bering” yoki “shu xatoni ko‘rib bering, duo qilaman” deb yozadi. Go‘yo dasturchilik bu xayriya faoliyati, kod yozish esa oddiy beminnat ishdek ko‘riladi. Ha, yordam berish — yaxshi narsa, ammo har bir yordamning o‘z qiymati, o‘z vaqti bor.

Savob bu — bilimni o‘rganayotgan odamga yo‘l ko‘rsatish, yo‘lini ochish. Lekin kimdir o‘zi harakat qilmay, muammoni tushunmay turib, “savob uchun” deb sizni majbur qilsa, bu endi savob emas — bu suiiste’mol. Chunki sizning vaqtingiz, energiyangiz, mehnatingiz ham qadrlanishi kerak.

Men hech qachon savobga qarshi emasman. Lekin “savob” degan niqob ostida bepul xizmat kutish, bu sohaning obro‘sini tushiradi. Chunki dasturchilik — bu ham kasb, ham san’at. Sartaroshdan “sochimni savob uchun olib bering” demaysiz-ku, shunday emasmi? Xuddi shunday, dasturchining mehnati ham boshqalar kabi hurmatga loyiq.


Aslida, kod yozishning o‘zi ham o‘zicha bir san’at va tafakkur jarayoni bo‘lib, u sabr, diqqat, izlanish va halollikni talab qiladi. Har bir satrda dasturchi o‘z fikrini, yechimini va tafakkurini aks ettiradi. Uni yengil bahona bilan so‘rab olish, na sizni o‘stiradi, na yozgan odamni qadrlaydi.

Shuning uchun har kim o‘z yo‘lida o‘zi yurishi kerak — copy-paste emas, o‘rganish yo‘lidan. Bilim izlab yozilgan har bir satr — bu haqiqiy qiymat. Chunki u nafaqat sizga foyda beradi, balki boshqalar uchun ham yo‘l ochadi.

Men har safar kimdir mendan “tayyor kod” so‘rasa, endi kulib qo‘yaman. Chunki bilaman — haqiqiy dasturchi kod so‘ramaydi, u yo‘l so‘raydi. U o‘zi topadi, o‘zi o‘rganadi, o‘zi yechadi.

Copy–paste qilish oson, lekin fikrlash — murakkab. Ammo haqiqiy natija faqat fikrlashdan tug‘iladi. Shuning uchun men “kod yozishni bilgan odam boshqalarni kodini yig‘ib yurmaydi” degan fikrimda qat’iyman. Kod to‘plashdan foyda yo‘q. Faqat joyni to‘ldiradi. Ammo tushunib yozilgan kod — u har doim o‘sishga, rivojga, professional bo‘lishga olib keladi.