Abdulbosit Alijonov

Maqola muallifi

Hero Image

Dasturchi bo‘lishning ko‘rinmagan qiyinchiliklari

24 November, 2025 135

Oxirgi bir yil ichida texnologiya olamida nimadir o‘zgardi. Avvallari yangi dasturchilar uchun imkoniyatlar kengroq edi — kimdadir portfolio yetarli bo‘lmasa ham, hech bo‘lmasa suhbatga chaqirishar, bilimini sinab ko‘rishar, o‘rganish uchun imkon berishar edi. Hozir esa aksincha: ko‘plab kompaniyalar juniorlarni qabul qilmay qo‘ydi, ba’zilari hattoki o‘zini middle deb his qiladigan nomzodlardan ham avval real loyihalarda ishlagan bo‘lishini talab qilmoqda.

Men ham shu jarayonning ichida qoldim. Bir yil davomida tinmay o‘rgandim, izlandim, mustaqil loyihalar qildim, portfolioga joyladim. Real loyihalarda qatnashmagan bo‘lsam ham, bilimlarim middle darajadagi dasturchining bilishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalarga teng edi. Arxitektura, backend, optimizatsiya — barchasini puxta o‘zlashtirgan edim.

Ammo baribir kompaniyalar meni suhbatga ham chaqirishmadi. Hattoki bilimlarimni tekshirishga ham urinishmadi. “Tajribangiz yetarli emas”, “Real loyihalarda ishlamabsiz”, “Kompaniya talablariga mos kelmaysiz” kabi javoblarni oldindan tayyorlab qo‘ygandek yuborishardi. Eng og‘riqli tomoni — ular meni ko‘rmasdan, gaplashmasdan, haqiqiy bilimimni bilmasdan oldindan hukm qilishardi.

Ba’zan o‘zimni shunday his qilardim: xuddi rezyume emas, folbinlik qog‘ozini ko‘rib baho berishyotgandek. “Bu bo‘lmaydi. Bu tayyor emas. Bu hali tajribasiz.” Qanday qilib tajriba orttiraman, agar hech kim tajriba olish uchun ham imkon bermasa?

Oxiri hayot meni boshqa yo‘lga boshladi. O‘zim orzu qilgan ofisdagi developer lavozimi o‘rniga teacher bo‘lib ishlay boshladim. Dasturlashdan ko‘ra, dars jarayonida qatnashish. Maosh esa guruhlarga qarab o‘zgaradi — ba’zi oylar yetadi, ba’zi oylar esa xarajatlarni ham qoplamaydi. Uyimdagilar “hammasi vaqtinchalik, sabr qil,” deyishadi, lekin ular bilmishmaydi: har oy qancha topishim noma’lum, mas’uliyat esa ortaveradi.

Eng qiyin tomoni shunda bo‘ldi — agar shu yo‘lda davom etsam, tajribam “Teacher” sifatida yoziladi. Startuplar buni qabul qilishadimi? Yo‘q. Katta kompaniyalar e’tiborga olishadimi? Ko‘p hollarda yo‘q. Va yana rad, yana rad…

O‘zimga ko‘p marta savol berdim:
Qayerda xato qildim? Balki dasturlashni tanlaganimning o'zi xato bo‘lgandir?

Lekin aslida bilaman: men xato qilmaganman. Faqat bozor o‘zgargan, talab o‘zgargan, imkoniyatlar toraygan. Men esa shu tor eshiklardan birortasi ochilishini kutib, har kuni harakat qilayapman. Har bir rad javobini eshitgach, ichimda nimadir sinadi, lekin shu bilan birga meni kuchliroq ham qiladi.

Balki bu yo‘lning eng og‘ir bosqichi shudir. Balki hali menga ham imkon eshigi ochilar. Balki bugun rad qilganlar ertaga men bilan ishlashni o‘zlari xohlab qolishar.

Bilmayman. Ammo bir narsaga aminman — men taslim bo‘lmayman. Va mana shu hikoyani yozayotganimning o‘zi ham taslim bo‘lmaganimning dalilidir.