Abdulbosit Alijonov

Maqola muallifi

Hero Image

Sun'iy intellektga ortiqcha tayanish

07 December, 2025 83

Dasturlashni endi boshlagan har bir insonning yonida hozir bitta ko‘rinmas do‘st turibdi: sun’iy intellekt. U hech qachon charchamaydi, xafa bo‘lmaydi, tanqid qilmaydi. Har savolingizga javob beradi, hatto o‘z aybingizni ham o‘zingizga sezdirmaydi. Shuning uchun ko‘pchilik unga eng yaqin o‘rganish manbai sifatida qaraydi.

Lekin eng qattiq og‘riydigan haqiqat shuki: sun’iy intellekt sizni mustaqil ishlashga o‘rgatmaydi. U faqat sizga bilmay turib tayanib qolishni o‘rgatadi.

Men buni o‘zim boshdan o‘tkazdim. Bir qarashda mayda tuyuladigan odatlardan boshlanadi hammasi: eng oddiy savollarni ham sun’iy intellektdan so‘rash, har bir topshiriqni unga yozdirib ko‘rish, hatto xatoni o‘zim ko‘rishga erinib, uni so‘rash. Bu odatlar shunchaki yordam emas — asta-sekin sizning fikrlashingizni almashtira boshlaydigan jarayon ekan.

Bir kuni oddiy masalani ko‘rib qoldim. O‘yladim. Bir necha soniya jim bo‘lib turdim. Va shunda qo‘rqinchli narsa bo‘ldi: miyam javob izlashni istamadi. Miyamda faqat bitta fikr aylanardi: “Sun’iy intellektga yoz”.

O‘shanda tushundim — men kodni emas, sun’iy intellektni o‘rgangan ekanman.

Yangi o‘rganuvchilarning eng katta xatosi ham shu. Ular o‘rgandim deb o‘ylashadi, lekin aslida faqat eshitishadi. Ular o‘rgandim deb o‘ylashadi, lekin aslida faqat takrorlashadi. Ular rivojlanyapman deb o‘ylashadi, lekin aslida faqat tayyor natijani qabul qilishyapti.

Va bu bog‘liqlikning oqibatlari faqat bugun emas — ertaga ham zarba beradi.

Imtihonda sun’iy intellekt yo‘q. O‘sha paytda kodni yozadigan, masalani yechadigan faqat siz bo‘lasiz. O‘zingizni tutolmay qolasiz. Savollar oson, lekin ularga yetib borolmay qiynalib ketasiz. Miyangiz boshlashni ham bilmay qoladi, chunki ilgari sizning o‘rningizga fikrlagan — sun’iy intellekt edi.

Ish suhbatida o‘zingizni emas, sun’iy intellektning tayyor javoblaridan qolgan bo‘shliqni his qilasiz. “Nima uchun shunday qildingiz?”, “Bu yechimning mantiqi qayerda?” degan savollar sizni to‘xtatadi. Chunki yechimning mantiqi sizga tegishli emas — siz uni o‘ylamagan, faqat qabul qilgan edingiz.

Ishga kirganingizdan keyin esa bundan ham yomoni boshlanadi. Haqiqiy kodda tayyor yechimlar bo‘lmaydi. Haqiqiy xatolarni sun’iy intellekt topib bermaydi. Haqiqiy loyihada muammo sizning fikrlashingiz, sizning tushunishingiz va sizning tajribangiz orqali hal bo‘ladi. Sun’iy intellektga suyanib kelgan o‘quvchi esa shu paytda eng og‘riqli haqiqatga duch keladi: u mustaqil emas. U fikrlay olmaydi. U yechim topa olmaydi. U kodning ichida adashadi. Chunki u hech qachon o‘z yo‘lini o‘zi bosmagan bo‘ladi.

Eng achinarlisi — u buni kech sezadi.

Sun’iy intellekt yordamchi bo‘lishi mumkin. Lekin sun’iy intellektga tayanish — bu asta‑sekin o‘zingizni fikrlash mushaklaringizni quritishdir. Eng yomoni, siz buni sezmaysiz ham — to o‘sha mushaklar kerak bo‘lguniga qadar.

Shuning uchun yangi o‘rganuvchilarga ochiq aytaman: o‘zingizni aldashni bas qiling. Sun’iy intellektdan tez-tez so‘rasangiz, u sizga yangi narsalarni tez o‘rgatib qo‘yayotgandek tuyulaveradi, lekin aslida sizni fikrlamaydigan qilib qo’yayotganini sezmay qolasiz. Siz fikrlayapman deb o‘ylaysiz, lekin aslida sizning o‘rningizga sun’iy intellekt fikrlayotgan bo‘ladi.

Insonni kuchli qiladigan narsa — javoblarni tez topish emas, javobni izlash jarayonining o‘zi hisoblanadi. O‘zingiz bilan yolg‘iz qolib, bosh qotirish, xato qilish, to‘g‘ri yo‘lni topishni sun’iy intellekt sizga bermaydi. U jarayonni o‘g‘irlab qo‘yadi.

Va jarayon yo‘q bo‘lsa — hech qachon haqiqiy dasturchi bo‘lolmaysiz.